Amerikadan xat keldi.
Oktyabr 14, 2022 / Ko'rildi 476
Assalomu alaykum, “Zarafshon” gazetasi va Zarnews.uz sayti ijodiy jamoasi. Joriy yilni o‘zgacha ko‘tarinkilik bilan qarshi oldim. Sababi Yangi yil bayrami arafasida xorijiy davlatlarning 13 ta oliy ta’lim muassasasiga muddatidan oldin o‘qishga qabul qilinganligim haqidagi xushxabarlarni eshitgandim.
Bu haqda siz faoliyat olib borayotgan gazetada maqola chop etildi, saytda videolavha joylashtirildi.
O‘sha paytda bergan intervyuda AQShdagi Wooster universitetining grantini yutib olganim haqida gapirgandim. Shuningdek, meni talabalikka qabul qiladigan oliy o‘quv yurtlari soni 20 dan ortishi mumkinligini aytgandim. Maqsadimga erishdim ham. Dunyoning 22 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldim. O‘zimga ma’qulini tanladim.
Bu, albatta, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan qulayliklar samarasidir. Bugungi kunda Amerikadaman, o‘zim orzu qilgan Wooster universitetida tahsil olyapman.
Mana yaqinda ta’lim muassasamizda 2022-2023 o‘quv yili boshlandi. Universitetda 68 davlatdan va Amerikaning 48 shtatidan talabalar kelib o‘qiydi. Dars jarayonlari qiziqarli va o‘ziga yarasha qiyin. O‘zbekistonda maktabda, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filali qoshidagi akademik litseyda, shuningdek, qo‘shimcha to‘garaklarda olgan bilimlarim bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishda qo‘l kelyapti. Bu yerda ham bo‘sh vaqtimni til o‘rganishga, bilimimni boyitib borishga sarflayapman. Darsdan keyin universitet kutubxonasida turli millat vakillari bilan birga o‘tilayotgan mavzular doirasida suhbatlashamiz, fikr almashamiz. Ularga O‘zbekistonda, xususan, Samarqanddagi o‘zgarishlar, bilim olishga intilayotgan yoshlar va ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida gapirib beraman. Aksariyati, so‘zlarimga hayrat bilan quloq tutib, Samarqandga borishga qiziqib qolganini aytadi.
O‘quvchilik davrimda yurtimizdagi tarixiy obidalar haqida ingliz tilida maqolalar yozib, ijtimoiy tarmoqlarga joylab borardim. Bu ishni Amerikada ham davom ettiryapman. Yaqinda Sohibqiron Amir Temur haqidagi maqolam Ozarbayjon gazetasida chop etildi.
Xorijda o‘qish bolaligimdagi orzuim edi. Bu orzuning ro‘yobga chiqishi uchun avvalo, bobomning, shuningdek, ota-onamning, ustozlarimning hissasi katta.
Endigi maqsadim universitetni a’lo baholar bilan tamomlab, bolalikdagi orzuim amalga oshishi uchun imkoniyatlar yaratib bergan O‘zbekistonimiz taraqiyotiga hissa qo‘shish.
Adhamjon Janobiddinov.
PS: Avvalo, Adhamjonni erishgan yutuqlari bilan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filali qoshidagi akademik litseyning barcha xodimlari nomidan tabriklaymiz, bundanada katta yutuqlarga erishishiga tilakdoshmiz. Barcha yoshlarimizga o'z ustida mehnat qilib, Adhamjondek yutuqlarga erishishini tilab qolamiz.